BSB Tahlil 2.11’da kundalik ish uchun kerakli ma’lumotlar va tugmalar tartiblandi. Quyida yangilangan ko‘rinish hamda litsenziya va bonus tizimidagi asosiy o‘zgarishlarni ko‘rsatamiz.

Asosiy oyna tartiblandi

Yangi ko‘rinishda sinf jurnali va imtihon sozlamalari alohida bo‘limlarda jamlangan. Sinf, fan, chorak, o‘quvchilar soni va o‘qituvchi ma’lumotlarini bir qarashda tekshirish mumkin. Tanlangan imtihonning nomi, topshiriqlar soni va maksimal ballari shu oynada ko‘rinadi.

Asosiy amallar — «Ballarni kiritish», «Excel yaratish» va «Chala Exceldan davom etish» — bir joyda turadi. Shu sabab ishni boshlash yoki oldingi hisobotni davom ettirish uchun kerakli tugmani topish osonroq.

BSB Tahlilning sinf jurnali, imtihon sozlamalari va asosiy tugmalari
Asosiy ma’lumotlar va ishni davom ettirish tugmalari bitta oynada.

Qo‘shimcha sozlamalar alohida ochiladi

Test rejimi, B/Q/M yo‘nalishlari va jurnal bilan taqqoslashga oid tanlovlar «Kengaytirilgan sozlamalar» bo‘limida joylashgan. Kerak bo‘lganda ochasiz, odatiy ish jarayonida esa asosiy oyna ixcham qoladi.

Bu yerda ball kiritish usuli, savol yo‘nalishlari va jurnaldagi tegishli ishni ko‘rish mumkin. Ularning har biridan foydalanishni alohida yo‘riqnomada batafsil tushuntiramiz.

Ball kiritish usuli, B Q M yo‘nalishlari va jurnaldagi ish tanlovi
Kengaytirilgan sozlamalar kerakli tanlovlarni alohida bo‘limda jamlaydi.

Maktab ma’lumotlarini tekshirish qulaylashdi

Tuman, maktab, O‘IBDO‘, metod birlashma rahbari va fan o‘qituvchisi haqidagi yozuvlar «Maktab ma’lumotlari» bo‘limida tahrirlanadi. Bo‘lim yig‘ilganida maktab nomi yoki ma’lumotlarni to‘ldirish zarurligi ko‘rinib turadi.

Hisobotni tayyorlashdan oldin ushbu yozuvlarni tekshirib, saqlab qo‘yishingiz mumkin.

Tuman, maktab va hisobot uchun mas’ullar ma’lumotlarini tahrirlash oynasi
Hisobotdagi maktab va mas’ullar ma’lumotlari shu bo‘limda saqlanadi.

Telegram bonusi va limit holati aniqroq

Litsenziya olish yonida Telegram bonusi uchun tugma bor. Bonus hali faollashmagan bo‘lsa, «Bonus olish» orqali shartlar bilan tanishasiz. Shartlar bajarilganidan keyin esa bonus holati ko‘rsatiladi.

Bonus miqdori, undan foydalanish muddati va yangi bonuslargacha qolgan vaqtni kengaytmada ko‘rish mumkin. Miqdor va davr xizmatdagi amaldagi shartlarga bog‘liq; ishlatilmagan bonuslar keyingi davrga yig‘ilmaydi.

Hisobni tasdiqlash, bekor qilish va Telegram hisobini tiklash kerak bo‘lgan holatlardagi tushuntirishlar ham yaxshilandi. Batafsil bonus yo‘riqnomasi keyinroq alohida chiqadi; hozircha uning havolalari «Tez kunda» deb turadi.

Litsenziya olish, Bonus holati tugmalari va bonus hisoblagichi
Bonus faollashgan hisobda uning holatini alohida ko‘rish mumkin. Rasmdagi 0/1 yozuvi misol; amaldagi miqdor kengaytmada ko‘rsatiladi.

Yangilashdan keyin

Kengaytmani yangilagach, ochiq eMaktab jurnalini qayta yuklang va BSB Tahlilni ishga tushiring. Brauzer yangilangan ruxsatlarni tasdiqlashni so‘rasa, ularni ko‘rib chiqing. Sinf va imtihon ma’lumotlarini tekshirib, odatdagi ishni davom ettirishingiz mumkin.

Chrome uchun BSB Tahlil · Firefox uchun BSB Tahlil

Maxfiylik siyosati ham yangilandi: qurilmada qoladigan va xizmatga yuboriladigan ma’lumotlar batafsil tushuntirilgan. O‘quvchilar ismlari, baholari va tayyor Excel fayllari litsenziya serveriga yuborilmaydi.

Bu maqola 2.11 versiyadagi yangiliklar haqida. Bosqichma-bosqich foydalanish va bonus olish yo‘riqnomalarini alohida tayyorlaymiz. Savol yoki muammo bo‘lsa, yordam guruhiga yozing.