2.13’da ishni boshlash va kerakli sozlamani topish soddalashdi. Quyida yangi ko‘rinish, katalog tanlovi va yangilashdan keyin nimalarga e’tibor berish kerakligini tushuntiramiz.

Asosiy oyna ixcham va tushunarli

2.13’da sinf jurnali, imtihon tanlovi va kundalik amallar bir joyda jamlangan. «Ballarni kiritish» asosiy tugma sifatida ajratildi. Excel yuklash va oldingi Excel faylidan davom etish tugmalari uning ostida turadi.

Litsenziya yoki foydalanish qoldig‘i mahsulot nomi yonida ko‘rinadi. Odatdagi ish jarayonida kerak bo‘lmaydigan sozlamalar esa alohida ochiladi.

BSB Tahlil 2.13 oynasida bitta CHSB imtihoni, Test yoki B/Q/M tanlovi va asosiy amallar
Namunaviy ma’lumotlar bilan 2.13 oynasi. Bog‘langan shablonda kiritish ko‘rinishini asosiy oynadan tanlash mumkin.

Maktab ma’lumotlari alohida oynada

Profil tugmasi yonidagi sozlamalar belgisi orqali maktab va hisobotga imzo qo‘yadigan mas’ullar ma’lumotlarini ochasiz. Maktab va fan o‘qituvchisi nomi tegishli jurnaldan olinadi; O‘IBDO‘ va metod birlashma rahbari yozuvlarini tekshirib, saqlang.

Sozlamalarda imtihonning qo‘shimcha imkoniyatlari va hisobotlar bo‘limi har safar ochiq turishini ham tanlash mumkin.

Bitta imtihon — ikki kiritish ko‘rinishi

Katalogda Test va undan yaratilgan B/Q/M varianti mavjud bo‘lsa, ular endi bitta imtihon sifatida ko‘rinadi. «Ball kiritish ko‘rinishi» tanlovida sizga qulay usulni belgilang:

  • Test — har bir savol: har bir javob uchun 0 yoki shu savolning to‘liq balli kiritiladi.
  • B/Q/M — uchta yig‘indi: Bilish, Qo‘llash va Mulohaza bo‘yicha yig‘indi ballar kiritiladi.

Ko‘rinishni almashtirsangiz ham tanlangan jurnal ishi saqlanadi. Katalogdagi bog‘lanish Excelga yuklanganda va shu fayldan davom etilganda ham saqlanadi. Bu tanlov tegishli juft shablon mavjud imtihonlarda chiqadi; mustaqil B/Q/M shablonlari ham ishlashda davom etadi.

B/Q/M yig‘indisidan alohida savollarning javoblari qayta tiklanmaydi. Savollar soni, maksimum yoki yo‘nalishlarni o‘zingiz o‘zgartirsangiz, sozlama «Qo‘lda sozlash» holatiga o‘tadi.

Ballarni kiritish va tekshirish qo‘llanmasi →

Jurnal va hisob mosligi qayta tekshiriladi

Tahlil o‘z hisobingizda sizga o‘qituvchi sifatida biriktirilgan fan jurnalidan boshlanadi. Kengaytma hisobotni ochish, Excelga yuklash va chop etishda tegishli jurnal orqali hisob mosligini qayta tekshiradi. Shu sinf va fan jurnalini ochiq qoldiring.

Excel faylidan davom etishda ham mos sinf, fan, chorak va guruh jurnalini oching. Fayldagi ballar saqlanadi, maktab va o‘qituvchi ma’lumotlari esa joriy hisob/jurnal bilan tekshiriladi.

Agar kengaytma jurnalni yangilashni so‘rasa, eMaktab sahifasini qayta yuklang. Eski saqlangan tahlil uchun qayta tekshirish so‘ralsa, uni tegishli jurnaldan qayta oching yoki Excel faylini import qiling.

Choraklik hisobot qayerda?

Chorak yakuni uchun mavjud hisobot «Qo‘shimcha imkoniyatlar» → «Choraklik hisobot» orqali ochiladi. Unda BSB, CHSB, FB, jami ball va chorak bahosi, shuningdek sinf statistikasi va diagrammalar ko‘rinadi.

Hisobotni Excelga yuklash, asosiy hisobotni, statistikani yoki ikkalasini birga chop etish mumkin. Bosqichma-bosqich ko‘rsatmalar choraklik hisobot qo‘llanmasida berilgan.

2.13’ga yangilang va jurnalni qayta yuklang

BSB Tahlil 2.13 Chrome Web Store va Firefox Add-ons’da chiqarildi. Brauzeringizdagi kengaytma versiyasini tekshiring. Yangilangach:

  1. Ochiq eMaktab jurnalini qayta yuklang.
  2. BSB Tahlilni ochib, sinf, fan va chorak to‘g‘riligini tekshiring.
  3. Maktab sozlamalaridagi zarur yozuvlarni to‘ldiring.
  4. Imtihon va kiritish usulini tanlab, «Ballarni kiritish»ni bosing.

Chrome uchun BSB Tahlil · Firefox uchun BSB Tahlil

Amaliy yordam: Telegramdagi video va matnli qo‘llanmalar. Savol yoki muammo bo‘lsa, yordam guruhiga yozing.